Ravshan Abdusalyamov: “Feel Tashkent” uchun uch mezonimiz bor edi

14.02.2020 09:48

Yoshlar ijod saroyida Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Toshkentning tarixiy joylari, ko‘chalari, tadbirlari, go‘zal manzaralari va insonlari qiyofasini ko‘rsatuvchi “Feel Tashkent” fototanlovi o‘tkazildi. Togri.uz ham ushbu qiziqarli tadbirda ishtirok etdi, hakamlar hay’atidan biri Ravshan Abdusalyamovdan fototanlov haqida ma’lumot oldi.

Об этом сообщает Руспрес

Togri.uz: Tanlovda qancha ijod namunalari ishtirok etdi? G‘oliblar qaysi mezonlar asosida aniqlandi?

Ravshan Abdusalyamov:  “Feel Tashkent” fototanlovi g‘oliblari uch mezon asosida aniqlandi. Fototanlovda g‘oliblarni aniqlash jarayoni bir necha bosqichlarda o‘tkazildi. Dastlab konkursda ishtirok etish uchun 1,5 mingdan ziyod qatnashchilarning ijod namunalari ko‘rib chiqildi. Shular orasida 150 ta eng yaxshilari saralab olindi. Yakunda faqatgina 3 ta eng yaxshi ijod namunalari g‘olib deb topildi. Eng yaxshilari uchta asosiy mezonlar bo‘yicha saralandi. Avvalo tanlovda ishtirok etgan suratlarning qanchalik Toshkentga bog‘liqligiga qaratildi. Bunda ularning ishga nostandart yondashuvi inobatga olindi.

Shuningdek, fotolarning originalligiga ham ahamiyat berildi. Aytaylik 100 kishi bitta binoni rasmga olishi mumkin. Ammo ichidan faqatgina bittasi nostandart suratga olingan bo‘lishi mumkin. 3-o‘rinni olgan foto bunga yaqqol namuna bo‘la oladi. Oxirida ijod namunalarining texnik, badiiy ijrosiga munosib baho berildi. Yuqoridagi mana shu asosiy mezonlar orqali g‘oliblarni aniqladik.

Togri.uz: Xavaskor va professionallarning qatnashishi qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi, g‘oliblarni saralashda bu qiyinchilik tug‘dirmadimi?

Ravshan Abdusalyamov: G‘oliblarni saralashda havaskor va professional suratkashlarning ijodlari qatnashganligi ham albatta qiyinchilik tug‘dirdi. Ammo biz ularning tajribasi, yoki qanchalik qimmat telefon, kameralarda suratga olinganiga ahamiyat bermadik. Qatnashishni istagan barcha uchun umumiy tanlov tashkil etdik. Yuqorida tilga olganimdek, muallif qanchalik Toshkentni ochib bera olgani muhim omil bo‘ldi.

Togri.uz: Loyiha kelajakda ham davom ettirilishi ko‘zda tutilganmi?

Ravshan Abdusalyamov: Kelajakda biz bu tanlovni doimiy tarzda o‘tkazishni niyat qilganmiz. Qolaversa, nafaqat foto yo‘nalishi, balki boshqa ijodiy yo‘nalishlarda ham shunday tanlovlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz.