Sobiq gaz idorasi xodimlarining firibgarliklari fosh etildi

14.02.2020 09:48

  Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi, Nurafshon shahar va O‘rtachirchiq tuman bo‘limlari hamda Toshkent viloyati IIB ekspertiza kriminalistika xodimlari tomonidan fuqaro Z.Ungarbaevaning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Respublika Majburiy ijro byurosi axborot xizmati xabar qildi. 

Об этом сообщает Руспрес

  Arizada bayon etilgan holatlarga ko‘ra, Dilmurod ismli shaxs o‘zini gaz idorasida ishlashini vaj qilib, fuqaro Z.Ungarbaevadan gazdan bo‘lgan 6,9 mln. so‘m qarzdorligini yo‘q qilib berishini aytgan. Evaziga esa ayoldan 1.600.000 so‘m pul olgan. Bir oz vaqt o‘tsa hamki, qarzdorlikni bartaraf qilmasdan, yana 300.000 so‘m qo‘shimcha pul talab qilib olgan.

U fuqaro Ungarbaevadan muammosini hal qilmay turib, firibgarlik yo‘li bilan pul talab qilishni davom ettirgan va tekshiruv jarayonida uning yonidan fuqarodan o‘zlashtirgan pullar topilgan.

Navbatdagi pul undirish jarayonida, ya’ni 1.500.000 so‘m pul olayotgan vaqtda yana bir gaz idorasi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor guruh tomonidan amalga oshirilgan tintuv jarayonida Shoxruh ismli shaxsning yonidan 1.500.000 so‘m pullar, noma’lum kishilarga tegishli bo‘lgan 2 ta talabnoma, 1 ta pasport nusxasi, 1 ta abonent kartasi, 1 ta gaz tarmog‘idan o‘chirish dalolatnomasi, o‘ziga tegishli 4 ta kvitansiyalar, 1 ta bank cheki va  1 ta xabarnoma hujjatlari bo‘lib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.

O‘rganishlar natijasida Shoxruh ismli shaxs 17.02.2017 yilga qadar “O‘rtachirchiq tumangaz” filiali brigadiri lavozimida ishlaganligi ma’lum bo‘lgan.