Mirziyoyev Qozog‘iston Parlamenti delegatsiyasini qabul qildi

14.02.2020 09:49

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni yurtimizga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasining bir guruh delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Delegatsiyaga Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchilik qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy saytida xabar berildi.

Об этом сообщает Роспрес

Davlat rahbari Qozog‘iston Parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishini alohida ta’kidladi.

Nurlan Nigmatulin qabul davomida Prezidentimizga Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursultan Nazarboev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston – Qozog‘iston parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, mamlakatlarimiz parlamentlari qo‘mitalari darajasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va yangi sheriklik loyihalarini ilgari surish maqsadida parlamentlararo do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.

Nurlan Nigmatulin Qozog‘iston Parlamenti parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashda, shuningdek, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi. 

Uchrashuvda tomonlar joriy yil aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi hamkorlikni yanada kengaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish borasida o‘zaro intilish ifodasi ekanni ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Respublikasi siyosiy hayotidagi eng muhim tadbir - joriy yil 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Ta’kildash joizki, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat siyosiy-iqtisodiy balki, uzoq qardoshlik aloqalari sifatida ham namoyon bo‘lib kelmoqda. Ildizi bir bo‘lgan bu ikki millatning kelajagi ham ajralmasdir. Bu borada har ikkala davlat tomonidan aniq dasturlar asosida harakatlar amalga oshirilmoqda.  

Hududlararo madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda. O‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili muvaffaqiyatli o‘tkazildi, joriy yilda esa mamlakatimizda tadbirlarga boy dastur asosida Qozog‘iston yili o‘tmoqda.

2018 yilda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash 50 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 

Yetakchi kompaniya va korxonalar ishtirokida kooperatsiya asosida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport sohasida yangi avtobus va temir yo‘l yo‘nalishlari ochildi, shaharlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paytirildi, yuk tashish hajmi ortmoqda.